404

Mahorat darsi tashkil etildi

Surxondaryo viloyati Termiz tumanida joylashgan 34-sonli umumta’lim maktabida O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi huzuridagi Qorabayir otlari mahorat maktabi mutaxassis murabbiylari ishtirokida ot sporti turlariga bag‘ishlangan mahorat darsi tashkil etildi. Mazkur tadbir yoshlar o‘rtasida milliy qadriyatlarimizni keng targ‘ib qilish, ularni sportga, ayniqsa ot sporti turlariga qiziqtirish hamda mazmunli bo‘sh vaqtlarini tashkil etish maqsadida o‘tkazildi. Mahorat darsi davomida murabbiylar tomonidan ot sportining konkur, tent pegging, polo hamda uloq-ko‘pkari kabi yo‘nalishlari haqida batafsil ma’lumot berildi. Shuningdek, otlarni parvarishlash, ularga to‘g‘ri munosabatda bo‘lish, chavandozlik madaniyati va xavfsizlik qoidalari yuzasidan tushunchalar berildi. Tadbir jarayonida o‘quvchilarga ot sporti bo‘yicha amaliy ko‘rgazmali chiqishlar namoyish etilib, sportchilarning mahorati va otlarning tayyorgarlik darajasi namoyon qilindi. Yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislar tomonidan batafsil javoblar oldilar. Mahorat darsi yakunida o‘quvchilar orasida ot sportiga qiziqish bildirgan yoshlar bilan suhbatlar o‘tkazilib, ularni sport to‘garaklari va mahorat maktabi faoliyatiga jalb etish bo‘yicha tavsiyalar berildi. Bunday tadbirlar yosh avlodni sog‘lom turmush tarziga yo‘naltirish, vatanparvarlik ruhida tarbiyalash hamda xalqimizning boy otchilik an’analari va milliy sport merosini keng targ‘ib etishda muhim ahamiyat kasb etadi.

404

Surxondaryoda “Vatanparvarlik” oyligi keng qamrovli tadbirlar bilan boshlandi

Surxondaryo viloyatida “Milliy armiya — Ona yurt qalqoni, tinchligimiz posboni!” shiori ostida vatanparvarlik festivallariga tantanali ravishda start berildi. Mazkur tadbir O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 34 yilligi hamda 14-yanvar — Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan Qurolli Kuchlar Oliy Bosh qo‘mondonining tegishli farmoyishiga muvofiq tashkil etildi. Festival doirasida Termiz shahrining markaziy ko‘chalari bo‘ylab harbiy orkestr sadolari ostida faxriy qorovul, bayroqdorlar, shuningdek, Qurolli Kuchlar kuch tuzilmalari harbiy xizmatchilari, O'zbekiston Respublikasi milliy gvardiyasi huzuridagi Qorabayir otlari mahorat maktabi otlari ishtirokida tantanali marsh o‘tkazildi. Harbiy bo‘linmalar “Vatanparvarlar” bog‘idan boshlab Surxondaryo viloyati hokimiyati binosi orqali “Etnoshahar” maydoniga qadar namoyishkorona yurish amalga oshirdi. Ushbu tantanali marsh tomoshabinlarda katta taassurot qoldirib, milliy armiyamizning tartib-intizomi, jangovar tayyorgarligi va yuqori salohiyatini namoyon etdi. Festival doirasida maxsus “Etnoshaharcha” tashkil etilib, unda zamonaviy harbiy texnika va qurol-aslahalar ko‘rgazmasi namoyish etildi. Tadbir ishtirokchilari va mehmonlari harbiy xizmatchilarning qo‘l jangi elementlari, ko‘rgazmali chiqishlari hamda amaliy mashg‘ulotlarini tomosha qilish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Eslatib o‘tamiz, yurtimizda har yili 15-dekabrdan 15-yanvarga qadar “Vatanparvarlik” oyligi keng miqyosda nishonlanib, uning doirasida turli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, uchrashuvlar, harbiy paradlar va festivallar bo‘lib o‘tadi.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech