Jamoaviy uloq-koʻpkari boʻyicha Milliy gvardiya kubogi musobaqasining mintaqaviy saralash bosqichi bo'lib o'tdi

26 Dekabr 2025, 09:39 111

Surxondaryo viloyatida ot sportining milliy turi - jamoaviy uloq-ko‘pkari bo‘yicha mintaqaviy saralash bosqichi yuqori saviyada tashkil etildi.

Mazkur musobaqa yoshlar o‘rtasida milliy sport turlarini keng targ‘ib qilish, chavandozlik mahoratini oshirish hamda hududlar kesimida iqtidorli sportchilarni aniqlashga qaratildi.

Saralash bosqichida Milliy gvardiya Qashqadaryo viloyati Qorabayir otchilik majmuasi jamoasi, Qashqadaryo viloyati Chavandozlar maktabi jamoasi, Surxondaryo viloyati Chavandozlar maktabi jamoasi hamda Qorabayir otlari mahorat maktabi jamoasi ishtirok etdi.

Musobaqa davomida jamoalar o‘zaro raqobatbardosh bellashuvlarda qatnashib, yuksak chavandozlik mahorati, jamoaviylik va milliy sport an’analariga sodiqlikni namoyon etdilar.

Musobaqa yakunlariga ko‘ra, birinchi o‘rinni Surxondaryo viloyati Chavandozlar maktabi jamoasi qo'lga kiritdi. Ikkinchi o‘ringa Qorabayir otlari mahorat maktabi jamoasi sazovor bo'ldi. Uchinchi o‘rin esa Qashqadaryo viloyati Qorabayir otchilik majmuosi jamoasiga nasib etdi.

Mazkur musobaqa jamoaviy uloq-ko‘pkari sport turini rivojlantirish, hududlar o‘rtasida sport aloqalarini mustahkamlash hamda kelgusidagi respublika bosqichlari uchun munosib jamoalarni saralab olishda muhim ahamiyat kasb etdi.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech