Qorabayir — otlarning sarasi
Ot — er yigitning qanoti. Xalqimizning ko‘p mingyillik dostonlarida ham ot timsoli yuksak maqomda madh etiladi, sohibining yaqin ko‘makchisi sifatida ta'riflanadi.
Qorabayirning paydo bo‘lishi o‘zbek xalqining tarixi bilan uzviy bog‘liq. Xalq seleksiyasi mahsuli bo‘lgan ushbu zot o‘zgaruvchan tabiiy-iqlim sharoitlariga moslashuvchanligi, chopqirligi, kuchliligi bilan ajralib turadi. Tashqi ko‘rinishi esa nihoyatda ko‘rkam.
Xo‘sh, qorabayir so‘zi qanday ma'noni anglatadi? Mazkur ifoda turlicha talqin qilinadi. Ayrim olimlar “qora” — sof, “bayir” — jaydari, ya'ni sof jaydari ot, deb izohlashsa, ba'zilari arabchada “qora” otni, “bayir” esa tuyani bildiradi, shu jihatdan yondashganda, baquvvat ot, deb ta'riflashadi.
Ushbu ot o‘ta chayir bo‘lib, qora terga tushsa ham charchamaydigan, ozuqa tanlamaydigan pishiq zot hisoblanadi.
Qorabayir o‘zining qator biologik xususiyatlari bilan boshqa zotlardan ustunlikka ega. Ya'ni tog‘ sharoitiga yaxshi moslashadi, issiq va sovuqqa bardoshli. Poygada, ayniqsa, uzoq masofaga chopish, to‘siqlardan sakrab o‘tishda boshqa zotlardan aslo qolishmaydi. Milliy ot sporti musobaqalarida esa unga tenglashadigani topilmaydi.
Mazkur ot o‘ta xushbichimligi bilan kishini o‘ziga maftun etadi. Uning tana tuzilishi qotma, to‘shi keng, bo‘yni qisqa bo‘lsa-da, ancha yo‘g‘on, qarchig‘ayi uncha baland emas, oyoqlari nisbatan uzun bo‘lib, yurganida, chopganida yanada ko‘rkamlik kasb etadi. Rangi, asosan, to‘riq, jiyron, ko‘k, malla, qora, chavkar, shuningdek, saman tusda bo‘ladi.
Ularning mahsuldorligi ham yuqori. Masalan, so‘yim chiqimi katta otlarda 56-57 foizni tashkil etsa, biyalar bir laktasiya davomida 1750 litrgacha sut beradi.
Umuman olganda, bu zot xo‘jalik va biologik jihatdan noyob xususiyatlarga ega. Qadimda dehqonchilik ishlarini bajarish, og‘ir yuk tashishda asosiy tayanch bo‘lgan bo‘lsa, keyinchalik ot sporti o‘yinlarida uchqurligini namoyon qilgan. Shu bois ham sohibqiron Amir Temur navkarlarini qorabayir bilan ta'minlashga alohida e'tibor qaratgan.