Bugungi kunda yurtimizda ajdodlarimizdan meros boʼlib qolgan milliy oʼyinlar, urf-odat va qadriyatlarni yoshlar oʼrtasida ommalashtirish, mazkur yoʼnalishda ularni faol jalb etish ishlariga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Jumladan, hududlarda kamondan otish hamda ot sporti turlarini rivojlantirish, targʼib etish, yosh sportchilarni tayyorlash borasida Milliy gvardiya boʼlinmalari tomonidan qator chora-tadbirlar amalga oshirilib, joylardagi seksiyalarda turli mashgʼulotlar hamda musobaqalar olib borilmoqda. Kuni kecha Surxondaryo viloyatining Termiz tumanidagi bolalar va oʼsmirlar sport maktabida, umumtaʼlim maktablari oʼquvchilari oʼrtasida ham navbatdagi mahorat darslari tashkil etildi. Milliy gvardiya Surxondaryo viloyati Qoʼriqlash boshqarmasi hamda Qorabayir otlari mahorat maktabi hamkorligida oʼtkazilgan tadbirda, oʼgʼil-qizlar merganlik va chavandozlik borasida oʼz koʼnikmalarini shakllantirdilar. Yoshlarga kamondan otishning asoslari, xavfsizlik qoidalari, ot minish hamda uni egarlash tartiblari boʼyicha yoʼriqnomalar berildi. Shundan soʼng, amaliy tarzda ishtirokchilar oʼzlarini sinab koʼrdilar. Tadbir davomida faol qatnashgan yoshlarga tashkilotchilar tomonidan faxriy yorliqlar topshirildi.