Surxondaryo viloyatida “Milliy armiya — Ona yurt qalqoni, tinchligimiz posboni!” shiori ostida vatanparvarlik festivallariga tantanali ravishda start berildi. Mazkur tadbir O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 34 yilligi hamda 14-yanvar — Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan Qurolli Kuchlar Oliy Bosh qo‘mondonining tegishli farmoyishiga muvofiq tashkil etildi.
Festival doirasida Termiz shahrining markaziy ko‘chalari bo‘ylab harbiy orkestr sadolari ostida faxriy qorovul, bayroqdorlar, shuningdek, Qurolli Kuchlar kuch tuzilmalari harbiy xizmatchilari, O'zbekiston Respublikasi milliy gvardiyasi huzuridagi Qorabayir otlari mahorat maktabi otlari ishtirokida tantanali marsh o‘tkazildi.
Harbiy bo‘linmalar “Vatanparvarlar” bog‘idan boshlab Surxondaryo viloyati hokimiyati binosi orqali “Etnoshahar” maydoniga qadar namoyishkorona yurish amalga oshirdi. Ushbu tantanali marsh tomoshabinlarda katta taassurot qoldirib, milliy armiyamizning tartib-intizomi, jangovar tayyorgarligi va yuqori salohiyatini namoyon etdi.
Festival doirasida maxsus “Etnoshaharcha” tashkil etilib, unda zamonaviy harbiy texnika va qurol-aslahalar ko‘rgazmasi namoyish etildi. Tadbir ishtirokchilari va mehmonlari harbiy xizmatchilarning qo‘l jangi elementlari, ko‘rgazmali chiqishlari hamda amaliy mashg‘ulotlarini tomosha qilish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, yurtimizda har yili 15-dekabrdan 15-yanvarga qadar “Vatanparvarlik” oyligi keng miqyosda nishonlanib, uning doirasida turli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, uchrashuvlar, harbiy paradlar va festivallar bo‘lib o‘tadi.